DIQQAT! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.
78-210-08-92, 78-210-08-95
zar.havza@minwater.uz
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
www.zarhavza.uz

 
 

GERMANIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI “BOT-BOT” KANALIDAGI INSHOOTLARNI KO‘ZDAN KECHIRDI

Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok O‘zbekistonga tashrifi davomida Samarqand viloyatida bo‘ldi. Mehmonlar Bulung‘ur tumanidan oqib o‘tuvchi “Bot-Bot” kanalini ko‘zdan kechirdilar va irrigatsiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, so‘ngi yangiliklar bilan tanishdilar.

Eslatish joizki, 2011–2012 yillar davomida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda viloyat irrigatsiya sohasida katta loyihalardan biri – “Bot-Bot” kanalini soz holatga keltirish hamda to‘liq rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan edi. Ushbu loyiha doirasida umumiy qiymati 797 ming yevro mablag‘ jalb qilingan. Kanalning PK-243+50 dan PK-285+20 gacha bo‘lgan 3,8 km qismi to‘liq betonlashtirilgan, 2 ta suv to‘suvchi inshoot qurib foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, kanalni ekspluatatsiya qilish jarayonida foydalanish uchun “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasiga 1 dona mini ekskavator, 3 ta yuk tashuvchi mototsikl hamda 3 ta payvandlash agregatlari olib berilgan.

Loyiha doirasida kanalning PK-243+50 qismida xizmat uyi ta'mirlanib, jihozlangan. Kanal bosh qismida yangi gidrotexnik inshoot qurilgan, shuningdek, gidropost, suv o‘lchash ko‘prigi qurilgan va boshqa ishlar amalga oshirilgan.

Berbok xonim Germaniya O‘zbekistonga suv infratuzilmasini yaxshilash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va boshqa sohalarda bundan keyin ham yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.

Zarafshon ITHB matbuot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 13/11/2022 22:44;   Ko‘rilganligi: 682
 
 
 
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing