O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan hamda muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash;
suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektlarini loyihalashtirish va ekspertiza qilish ishlarini tashkil qilish;
har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligini hamda suv xo‘jaligi obyektining xavfsizligini aniq ko‘rsatkichlar va mezonlar asosida chuqur tahlil qilish orqali uning ustuvorligini belgilash va amalga oshirish;
xavf darajasi yuqori bo‘lgan gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini, ishonchli ishlashini va qo‘riqlanishini hamda irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlaridan foydalanish jarayonida ularning barqaror ishlashini nazorat qilish;
suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va autsorsingni joriy qilish;
suv xo‘jaligi sohasida resurs tejaydigan texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari, ilg‘or xorijiy tajribani keng qo‘llashni tashkil qilish;
suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarish, suvning hisobi va hisobotini hamda Davlat suv kadastrini yuritish va tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish;
elektr energiyasidan samarali foydalanish hamda uning iste’moli bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash;
transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, suv xo‘jaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etish, xorijiy investitsiya va grant mablag‘lari hamda texnik ko‘maklarni jalb qilish;
suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etishni tizimli tashkil qilish.
2. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish strategiyasini, shuningdek, irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha dasturlarni oshkoralik asosida ishlab chiqadi;
yer usti suvlari obyektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etilishini hamda huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi;
global iqlim o‘zgarishi va Orol dengizi qurishining aholi hayoti va faoliyatiga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda Orolbo‘yi hududida suv xo‘jaligi vaziyatini barqarorlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
yagona suv balansini shakllantiradi, shuningdek, Davlat suv kadastri yuritilishini tashkil qiladi;
suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari, shuningdek, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida (kommunal sohadan tashqari) suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratadi;
xavf darajasi yuqori bo‘lgan gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi, ishonchli ishlashi va qo‘riqlanishi hamda irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlaridan foydalanishni tashkil qiladi;
xorijiy va xalqaro tashkilotlar, konsultantlar va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda ularni milliy normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishga jalb qiladi;
tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda suv resurslarini boshqarish, suvlarning zararli ta’sirining oldini olish va tugatish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat siyosatining suv xo‘jaligi sohasidagi asosiy yo‘nalishlari, suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi, ularni amalga oshirishning strategiya va mexanizmlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
b) respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan hamda muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash sohasida:
suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish tamoyillarini joriy qilish va suvdan kompleks foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlaydi, suv xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbolli sxemalarini ishlab chiqadi;
o‘rta va quyi bo‘g‘inda suvdan samarali foydalanishni tashkil etish, uning zararli ta’sirlarining oldini olish bo‘yicha eng maqbul chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
mamlakat suv xavfsizligini ta’minlash hamda suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan kompleks tadbirlarni ishlab chiqadi;
suv resurslari prognozlarini kompleks tahlil qiladi va suv resurslari balanslarini ishlab chiqadi, suv manbalari, irrigatsiya tizimlari, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar, suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari, shuningdek, geologiya va mineral resurslar organlari bilan kelishilgan holda yer osti suvlari bo‘yicha suv olish limitlarini belgilaydi;
sun’iy suv obyektlari suvidan maxsus foydalanish va suvni maxsus iste’mol qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar beradi, tabiiy yer usti suv obyektlari suvidan maxsus foydalanish va suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnomalar berishni kelishadi;
suvdan foydalanish va suv iste’moli bo‘yicha qonunchilik hujjatlari loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqadi hamda takomillashtiradi;
ommaviy axborot vositalari, shuningdek, anjumanlar, seminarlar, treninglar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish orqali suv resurslarini asrash va ulardan tejamli foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib boradi;
ta’lim muassasalarining yosh avlodni suvdan avaylab-asrab foydalanish ruhida tarbiyalash va suvdan foydalanish madaniyatini oshirish bo‘yicha tadbirlarida ishtirok etadi;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, suv bo‘yicha ommabop resurslar, bilimlar bazasini yaratish va rivojlantirish ishlarini tashkil qiladi;
v) suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektlarini loyihalashtirish va ekspertiza qilish ishlarini tashkil qilish sohasida:
ko‘p yillik tajribaga va yetarli malakaga ega bo‘lgan xalqaro konsultantlar, xorijiy mutaxassislar bilan belgilangan tartibda muzokaralar olib boradi;
suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori bo‘lgan boshqa suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ishlab chiqish hamda ekspertiza qilish, shuningdek, ularning xavfsizlik mezonlarini ishlab chiqishga xalqaro konsultantlar, xorijiy mutaxassislar bilan belgilangan tartibda tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi hamda ularni xalqaro normalarga asosan jalb qiladi;
suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir qiladigan tashkilotlar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda kelishadi;
g) har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligini hamda suv xo‘jaligi obyektining xavfsizligini aniq ko‘rsatkichlar va mezonlar asosida chuqur tahlil qilish orqali uning ustuvorligini belgilash va amalga oshirish sohasida:
Vazirlik huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan samarali foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini ko‘rib chiqadi;
ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining investitsiya hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritish va tegishli mablag‘larni ajratish bo‘yicha vakolatli organlarga takliflar kiritadi;
suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori bo‘lgan boshqa suv xo‘jaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarning texnik topshiriqlarini, shuningdek, loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
d) xavf darajasi yuqori bo‘lgan gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini, ishonchli ishlashini va qo‘riqlanishini hamda irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlaridan foydalanish jarayonida ularning barqaror ishlashini nazorat qilish sohasida:
gidrotexnika inshootlarining holatini hamda xavfsizlik deklaratsiyalariga va mezonlariga muvofiqligini tekshirishni tashkil etadi;
gidrotexnika inshootlarining texnik holatini joyida o‘rganish, naturada kuzatish va diagnostika qilish ishlarini amalga oshiradi;
tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda davlatlararo va chegaraviy suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish masalalarini chegaradosh davlatlar bilan tartibga solishda ishtirok etadi;
gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
xo‘jalik faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun gidrotexnika inshootlari hududlaridan, daryolar o‘zanlari va ularga tutash inshootlarning quyi va yuqori hududlaridan (suv muhofazasi zonalarida yer uchastkalari berish bundan mustasno) foydalanishni kelishadi;
vakolatli organlarga suv muhofazasi zonalarini, suv omborlari, daryolar, kanallar va kollektorlarning sohilbo‘yi mintaqalarini belgilash ishlarini tashkil etishda ko‘maklashadi, ushbu zonalar va chiziqlarga qo‘yiladigan talablarning bajarilishini nazorat qiladi;
gidrotexnika inshootlarini joylashtirish va ularning loyihalarini ishlab chiqishga doir texnik topshiriqlarni hamda foydalanish bo‘yicha qoidalarni kelishadi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik deklaratsiyalarini davlat ekspertizasidan o‘tkazadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik qoidalarini ishlab chiqadi va mezonlarini belgilaydi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasida qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
gidrotexnika inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini loyiha, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari hamda tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda o‘rganadi hamda tegishli taklif va xulosalar beradi;
gidrotexnika inshootlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha ishchi va Davlat komissiyalari tarkibida ishtirok etadi hamda tegishli taklif va xulosalar beradi;
gidrotexnika inshootlarini konservatsiyalash va tugatish bo‘yicha loyihalarni o‘rganib chiqadi hamda tegishli taklif va xulosalar beradi;
e) suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va autsorsingni joriy qilish sohasida:
alohida suv xo‘jaligi obyektlarini fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa tashkilotlarga davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanishga berish hamda autsorsingni joriy qilish dasturlarini shakllantiradi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xususiy sheriklar bilan muzokaralar olib boradi, ularga loyihaoldi hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashadi va moliyaviy xulosa olish, ko‘rib chiqish hamda kelishish uchun vakolatli davlat organiga taqdim qiladi;
ijobiy xulosalar olingan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha loyiha bitimini ishlab chiqadi, tasdiqlash va belgilangan tartibda reyestrga kiritish uchun vakolatli davlat organiga taqdim qiladi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi hamda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring yuritadi va samaradorligini tahlil qiladi;
j) suv xo‘jaligi sohasida resurs tejaydigan texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari, ilg‘or xorijiy tajribani keng qo‘llashni tashkil qilish sohasida:
qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda talab etiladigan mablag‘larni belgilangan tartibda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutish uchun asoslangan takliflarni tayyorlaydi;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini takomillashtirish, ularning samaradorligini oshirish va yangilarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot hamda loyiha-konstruktorlik ishlarini kengaytirish, yangi ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish ishlarini tashkil qiladi;
paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun belgilangan tartibda subsidiya ajratadi;
suv xo‘jaligi qurilishida resurslarni tejaydigan texnologiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni keng qo‘llash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish chorasini ko‘radi;
z) suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarish, suvning hisobi va hisobotini hamda Davlat suv kadastrini yuritish va tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish sohasida:
yirik suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarishni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida avtomatlashtiradi;
suv xo‘jaligi obyektlarida suvning hisobi va hisobotini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qiladi hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlaydi;
suvning hisobi va hisobotini yuritishda shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash, ko‘p yillik ma’lumotlar bazasini shakllantiradi hamda tegishli ma’lumotlarni Vazirlik rasmiy veb-saytida yoritib boradi;
yer osti suvlarining holati va ko‘rsatkichlarini raqamli texnologiyalar asosida monitoring qiladi;
suv xo‘jaligini raqamlashtirishga xalqaro moliya institutlari, xorijiy davlatlar, xalqaro va chet el tashkilotlari hamda jamg‘armalarni jalb etadi;
i) elektr energiyasidan samarali foydalanish hamda uning iste’moli bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash sohasida:
nasos stansiyalarida suvning hisobi va elektr energiyasi iste’molini raqamli texnologiyalar asosida monitoringini yuritadi;
suvdan foydalanish va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha shaffof tizimni joriy qiladi;
suvdan foydalanish va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni tizimli tahlil qilib boradi hamda ushbu resurslardan ajratilgan limitlar doirasida foydalanishni nazorat qiladi va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘radi;
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar uchun ajratilgan elektr energiyasi limitlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan tegishli vazirliklar va idoralarga takliflar kiritadi;
y) transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, suv xo‘jaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etish, xorijiy investitsiya va grant mablag‘lari hamda texnik ko‘maklarni jalb qilish sohasida:
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va uning Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi faoliyatida faol ishtirok etadi;
transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan suv resurslarini birgalikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini va suvdan samarali foydalanish dasturlarini ishlab chiqish hamda ilgari surishda ishtirok etadi;
xorijiy davlatlardagi suv xo‘jaligi obyektlari loyihalarini ishlab chiqish va ularning qurilishida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish, suv xo‘jaligini rivojlantirish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha davlatlararo masalalarni muhokama qilish va hal etishda respublika nomidan ishtirok etadi;
xalqaro shartnomalar, xorijiy mamlakatlar bilan suv xo‘jaligi va melioratsiya sohasidagi hamkorlik dasturlari doirasida O‘zbekiston tomonining majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro tadbirlarning respublikada o‘tkazilishini tashkil etadi, suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarda qatnashadi;
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va uning tizimidagi tashkilotlar, Butunjahon suv kengashi, Irrigatsiya va drenaj xalqaro komissiyasi, Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiya, Suv resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha islom davlatlararo tarmog‘i hamda boshqa xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etadi;
k) suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etishni tizimli tashkil qilish sohasida:
suv xo‘jaligi sohasidagi kadrlar, mutaxassislar, shu jumladan, suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini muntazam ravishda tashkil etadi;
suv xo‘jaligi tashkilotlarining ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
suv xo‘jaligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotlarini sifatli o‘tkazish bo‘yicha zarur shart-sharoitlarni yaratadi;
suv xo‘jaligi sohasiga zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va keng qo‘llash bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashadi;
yakunlangan ilmiy ishlanmalar va tavsiyalarni amaliyotga joriy qilishni tashkil qiladi;
suv xo‘jaligi sohasidagi kadrlar va mutaxassislarning, shu jumladan, suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha idoraviy ilmiy va o‘quv kurslarini respublikaning ixtisoslashtirilgan suv xo‘jaligi tashkilotlari, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, professional ta’lim muassasalarida, shuningdek, xorijda belgilangan tartibda tashkil etadi.